Oʻzbekiston iqtisodiyotining barqaror rivojlanishi va ekologik innovatsiyalarni amaliyotga tatbiq etish maqsadida ilgari surilgan “Central Asia Smart City” — Aqlli va Yashil shahar konsepsiyasi doirasida keng ko‘lamli tashrif va hamkorlik uchrashuvlari davom etmoqda.

Mazkur konsepsiya doirasida shahar yashil hududining 50–60 foizi (800–1000 gektar) meva-sabzavot yetishtirishga, qolgan 40–50 foiz qismi (600–800 gektar) esa parklar, landshaft arxitekturasi, dekorativ daraxtlar va gullar bilan boyitishga yo‘naltiriladi.

Shu munosabat bilan loyiha konsepsiyasi muallifi, O‘zbekiston Iqtisodiyoti Assambleyasining Turkiyadagi investitsiya loyihalari bosh koordinatori Avazbek ABDULKHAEV hamda Assambleyaning faxriy Biznes Diplomati Mehmet Ali KOÇKAYA janoblari Turkiyaning Konya viloyati, Ereğli tumanida faoliyat yuritayotgan “ZMS (Zirve Meyvecilik Sanayi)” kompaniyasi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

          
 

ZMS kompaniyasi — zamonaviy meva yetishtirish modelining 20 yillik tajribasiga ega bogʻdorchilik kompaniyasidir. Har yili 10–20 gektar maydonda kengayib borayotgan zamonaviy olma bog‘larida har gektardan 50–60 tonnagacha hosil olinmoqda. Yetishtirilgan olma mahsulotlari ichki bozor bilan bir qatorda eksport uchun ham oziq-ovqat xavfsizligi talablari asosida tayyorlanadi.

Tashrif davomida mehmonlar kompaniya hududidagi maxsus oziqa-suv havzalari, tomchilatib sug‘orish tizimi, o‘g‘it saqlash inshootlari hamda 120 gektarlik bog‘ infratuzilmasini batafsil o‘rgandilar.

Uchrashuv jarayonida ZMS kompaniyasi asoschisi Şeref DOĞAN janoblari bilan “Central Asia Smart City” loyihasining yashil hududlari uchun amaliy hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Tomonlar 1600 gektarlik yashil hududni barqaror boshqaruv tizimi asosida tashkil etish, aholiga sifatli meva va sabzavotlar yetishtirish hamda aqlli agrotexnologiyalarni tatbiq etish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.

Shuningdek, Ohangaron tumani, Eyvalek hududining tabiiy, geometrologik, suv va tuproq tahlil natijalari chuqur o‘rganilib, ilmiy-amaliy xulosa tayyorlashga kelishildi.

Bu tashrif “Central Asia Smart City” konsepsiyasining ekologik barqarorlik, innovatsion bog‘dorchilik va iqtisodiy mustaqillik yo‘nalishidagi muhim bosqichi bo‘lib, Turkiya tajribasini O‘zbekiston sharoitiga moslashtirish orqali aqlli yashil iqtisodiyot modelini shakllantirish rejalashtirilmoqda.