Toshkent viloyati hokimligida viloyat hokimi oʻrinbosari — Investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshligʻi Jahongir Mamajonov boshchiligida Ohangaron tumanida barpo etilishi rejalashtirilgan “Central Asia Smart City” yirik investitsiya loyihasiga bagʻishlangan kengaytirilgan yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda loyiha tashabbuskori — “GOING INVESTMENT LLC JV” qoʻshma korxonasi rahbarlari hamda Janubiy Koreyaning yetakchi xalqaro texnologiya korporatsiyasi hisoblangan LG Group kompaniyasi vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida mazkur keng koʻlamli loyihaning “Aqlli shahar” konsepsiyasi, sanoat, logistika va shahar boshqaruvi tizimlarini raqamlashtirish, shuningdek, ilgʻor xorijiy texnologiyalarni Oʻzbekiston Respublikasi shaharsozlik hamda xavfsizlik qonunchiligi talablariga moslashtirish (adaptatsiya) masalalari atroflicha koʻrib chiqildi.
Taqdimotda qayd etilganidek, loyihaning umumiy maydoni 530 gektarni tashkil etib, uning dastlabki bosqichida 100 gektarlik hududni jadal rivojlantirish koʻzda tutilgan. Majmua hududida zamonaviy sanoat korxonalari, logistika markazlari, savdo zonalari hamda 5 500 dan ortiq xonadonga moʻljallangan turar-joy massivlari qad rostlaydi.
LG kompaniyasi mutaxassislari loyihada shunchaki uskunalar yetkazib beruvchi emas, balki strategik platforma operatori sifatida ishtirok etish niyatini bildirib, shahar infratuzilmasi uchun kompleks yechimlarni taqdim etdi. Xususan, sanoat va logistika tarmoqlarini xavfsiz boshqarish maqsadida yagona markazlashgan boshqaruv markazi (Command and Control Center), 1 500 dan ziyod aqlli kuzatuv kameralari hamda sunʼiy intellektga asoslangan tahlil tizimlarini joriy etish taklif qilindi. Turar-joy va koʻcha infratuzilmasida esa elektr energiyasini 80 foizgacha tejaydigan, elektromobillarni quvvatlash stansiyalari (EV Charging) bilan integratsiyalangan koʻp funksiyali “Smart Pole” yoritish ustunlari hamda LG ThinQ ekotizimi asosidagi nol energiya sarfiga ega ekologik xonadonlar (Net-Zero Energy House) barpo etish tashabbusi ilgari surildi.
Muzokaralar yakunida innovatsion texnologik yechimlarni mahalliy meʼyoriy-huquqiy hujjatlarga integratsiya qilish, loyihaning moliyaviy modelini ishlab chiqish orqali moliyalashtirish mexanizmlarini belgilash hamda koʻrsatilgan yoʻnalishlar boʻyicha amaliy ishchi guruh tuzib, uning faoliyatini jadallashtirishga kelishib olindi.